22:20 / 26.04.2021
79033

Chernobildan tarixiy fotolar. Avariyadan keyingi ilk kunlar va yuzaga kelgan mutatsiyalar

Chernobil atom elektr stansiyasida sodir bo‘lgan avariyadan keyin 35 yil o‘tdi.

1986 yilning 26 aprelida, soat tungi 1dan 23 daqiqa o‘tganida  Chernobil AESning 4-energoblogini rejali to‘xtatish va turboreaktorni sinovdan o‘tkazish vaqtida portlash sodir bo‘lib, reaktor butunlay ishdan chiqadi. Portlash oqibatida energoblokning bir qismi qulab tushadi va bosh operator halok bo‘ladi.

Chernobil AESdagi portlash oqibatlari / TASS

Atrof-muhitga katta miqdordagi radioaktiv moddalar tarqala boshlaydi. Shamol bu moddalarni Kiyev oblastidan tashqariga va hatto Ukraina SSR chegaralaridan tashqariga olib boradi. 600 mingdan ortiq kishi nurlanish olgan, ularning aksar qismi avariya oqibatlarini bartaraf etishda ishlagan odamlar edi. Sobiq sovet ittifoqining jami 7 milliondan ortiq odam yashovchi 155 ming km.kv hududi radiatsion zararlanishga uchragan. 1986 yil 29 aprel kungi kuzatuvlarga ko‘ra, yuqori fonli radiatsiya Polsha, Germaniya, Avstriya, Ruminiya va boshqa mamlakatlarda ham kuzatilgan, radiatsiya to‘lqini Shvetsiyagacha yetib borgandi.

Radiatsiyaning past dozalari bilan doimiy ta'sirlanish oqibatida Rossiya, Belarus va Ukrainada saraton, asab-psixiatrik kasalliklarga chalinganlar va genetik mutatsiyalarga uchraganlar soni ko‘payadi. Taqqoslash uchun, Chernobil fojiasiga qadar Belarusda har 100 ming aholiga 82ta onkologik kasallik holati to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, fojiadan keyin bu miqdor – 6 mingga yetgandi. 

Ushbu baxsiz hodisa uning oqibatlaridan halok bo‘lgan va jabr ko‘rgan odamlarning taxminiy soni bo‘yicha ham, iqtisodiy zarar jihatidan ham yadro energetikasi tarixidagi eng yirik fojia hisoblanadi.

Chernobil AESda o‘sha paytda rasmiy hujjatlarda 54 nafar odam halok bo‘lgani qayd etilgan. Ammo keyinchalik falokat natijasida va uni bartaraf etishda jami 4 mingga yaqin kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingan. Bundan tashqari, halokat asoratlari tufayli turli yillarda jami 100 minggacha odam halok bo‘lgani taxmin qilinadi.

Chernobil AES falokati natijasida jami 115 ming odam evakuatsiya qilingan. 1986-1992 yillar davomida falokat joyida uning asoratlarini bartaraf etish ishlarida jami 526 250 nafar odam qatnashgan. Ularning barchasi keyinchalik radiatsiya bilan zararlanish oqibatida ma'lum darajada nogiron bo‘lgan.

Ukrainalik fotojurnalist Igor Kostin 1986 yil 26 aprelda birinchilardan bo‘lib Chernobildagi atom reaktorini suratga olgandi.

Sovet rahbariyati avariyadan bir hafta o‘tganidan keyingina e'lon qilishga ruxsat berilgan Kostinning suratlari butun dunyoga tarqalib, jahon hamjamiyatini fojia ko‘lamidan xabardor qilgandi.

Fotograf halokatdan keyin ham tez-tez ushbu hududga kelib, radiatsiya oqibatlarini suratlarga muhrlaydi.

ІGOR KOSTІN/LAW NET

Avariya oqibatlariga qarshi kurashayotgan vertolyot surati, bu surat boshqa vertolyotdan turib olingan. Avariyadan keyingi ilk kunlar.

Vitaliy Ankov/RIA «Novosti»

 Chernobil atom elektrostansiyasi hududida tozalash ishlari, 1986 yil, aprel

ІGOR KOSTІN/LAW NET

1986 yil, 27 aprel. Vertolyotdan turib zararlanish ko‘lamini monitoring qilish jarayoni. 

Chernobil AESning to‘rtinchi reaktor tomondan ko‘rinishi, 1986 yil, aprel
Igor Kostin/RIA «Novosti»
Chernobil atom elektrostansiyasi hududini radioaktiv moddalardan tozalash uchun jalb etilgan bo‘linma a'zolari obektga yo‘l olmoqda, 1986 yil, aprel
Vitaliy Ankov/RIA «Novosti»
ІGOR KOSTІN/LAW NET

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar ishonchli himoya kiyimlarisiz uchinchi energoblok tomini tozalashga chiqarilgan.

Likvidatorlarning himoya vositalari odatda qo‘lda tayyorlanardi.

Likvidatorlar ishdan qaytmoqda. 

Valeriy Zufarov/TASS

Chernobil AESdagi avariyadan keyin vayron bo‘lgan to‘rtinchi energoblok atrofida beton to‘siq qurilmoqda. Surat olingan vaqt ma'lum emas. 

Vitaliy Ankov/RIA «Novosti»

Chernobil halokati hududidan kelgan avtomobil maxsus tashkil qilingan hududda dezaktivatsiyadan o‘tmoqda, 1986 yil, aprel. 

ІGOR KOSTІN/LAW NET

Radiatsiya hududida ishlagan yuk mashinasini yuvish jarayoni.

To‘rtinchi energoblokdagi yong‘inni o‘chirish vaqtida qatnashgan texnikalar qabristonlaridan biri.

Igor Kostin/RIA «Novosti»
Igor Kostin/RIA «Novosti»

Chernobil AESdagi avariya oqibatlariga qarshi kurashda qo‘llangan, radiatsiyaga uchragan texnikalar qabristoni. 1990 yil.

Igor Kostin/RIA «Novosti»

Chernobil AES hududidagi tashlab ketilgan aholi punktlaridan biri, 1990 yil, oktabr.

RIA «Novosti»

ChAES hududida tashlandiq holatga kelgan attraksionlar parkidagi charxpalak, 2017 yil.

Petr Sivkov/TASS
Petr Sivkov/TASS

Moskvadagi oltinchi klinika yuqori darajada nurlangan o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlarni qabul qilgan. Ularning aksari - birinchi kundanoq radioaktiv yong‘inni o‘chirish uchun tashlangan o‘t o‘chiruvchilar edi. 

 

Bolalar - radiatsiyaning eng ojiz va himoyasiz qurbonlari edi. 1987 yil. 

ІGOR KOSTІN/LAW NET

Chernobil hududida dozimetrik nazorat. 1987 yil.

Igor halokatdan keyin Belarusda tug‘ilgan. Surat bolalar uyida olingan. Ota-onasi undan voz kechishgan. Belarus, xuddi Ukraina kabi radiatsiyadan jiddiy zarar ko‘rgandi. 

OAV ma'lumotiga ko‘ra, 1990-yillarda Igorni uning suratini G‘arb nashrlarida ko‘rib qolgan angliyalik ayol asrab olgan. 

Halokatdan keyingi ilk yillarda radioaktiv qumlar yetib kelgan hududlarda tug‘ilgan jonzotlar ham qo‘rqinchli mutatsiyalarga uchragan. 

Mavzuga oid
Top