19:38 / 12.01.2024
26195

AQSh va Britaniya Yamanga zarba berdi. Urush hududi kengayadimi?

12 yanvar tongida AQSh va Britaniya Yamandagi husiychilar harakatiga raketa zarbalari yo‘lladi. Fors ko‘rfazidagi qator davlatlar bu zarbalarni amalga oshirish uchun AQSh va Britaniya samolyotlariga havo hududidan foydalanishga ruxsat berdi. Kun.uz bu voqealarning sabablari va ehtimoliy oqibatlari haqida siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— Bayden hukumati Kongress ruxsatisiz nega husiylarga xujum boshladi? Qayta saylanishni istayotgan Bayden uchun oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin?

— 7 oktyabrda urush boshlangach, husiylar qat’iy pozitsiyani e’lon qildi, ya’ni Falastin va HAMAS tarafida ekanini bildirdi. Shu bilan birga Isroil va uning ittifoqchilariga zarba berish asosiy vazifalaridan biri ekanini ham aytdi. Transport koridorlaridan eng muhimi Suvaysh kanali, bu kanal orqali Qizil dengiziga chiqiladi. Kanal bir tomonida Yaman, bir tomonda Jibuti joylashgan. Yamanning ta’sir qilish imkoniyati juda katta. Husiylar aynan mana shu transport koridorlarida Isroil va ittifoqchilariga zarba berishni maqsad qilib qo‘ydi. Natijada bu koridor majruhlanib, tashuv oqimi pasaydi. Husiylar 2 oydan oshyaptiki, deyarli har haftada G‘arb kemalariga hujum qilmoqda.

Bayden ma’muriyati murakkab ahvolda qoldi. Uning potensial raqibi Trampning asosiy shiori men prezident bo‘lsam, AQSh tashqi dunyoda urush qilmaydi, AQShning tashqi xarajatlari minimal bo‘ladi va fuqarolar uchun qulay, farovon hayot yarataman, deydi. Husiylar provokatsiyalari nihoyatda kuchli bo‘ldi, buncha ko‘p provokatsiyalarga AQSh javob bermasa, uning global reputatsiyasi tushib ketishi mumkin. Ammo AQSh to‘laqonli javob qaytarsa, katta urushga aylanib ketadi. Shuning uchun ham Blinken yaqinda bo‘lgan Yaqin Sharqdagi uchrashuvlarda biz husiylarga qarshi cheklangan harbiy operatsiya o‘tkazamiz va yordamingiz kerak, degan ma’lumotlar bergan bo‘lishi kerak.

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, prezident yangi harbiy operatsiya uchun Kongressdan ruxsat olishi kerak, ammo Bayden bunday qilmadi. Bunga sabab bu operatsiya tez bo‘lishi va sir tutilishi kerak bo‘lgan. 10 ta asosiy nishon bo‘lgan, dron ishlab chiqaruvchi korxonalar va o‘q-dori omborlari. Lekin husiylar liderlari nishonga olingani yoki yo‘q qilingani haqida ma’lumotlar yo‘q. Lekin OAVdagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatyaptiki, husiylar bu konfliktga tayyor bo‘lgan.

Baydenga bu harbiy operatsiya zarar keltiradi. Chunki eskalatsiyaga erishildi, Suriyada, Iroqda Eron kabi davlatlar eskalatsiyani oshirishga qadamlar tashladi. Rossiya BMT Xavfsizlik kengashini chaqiryapti, maqsadi AQShni obro‘sizlantirish, ya’ni ruxsatsiz harbiy operatsiya boshladi, degan ma’noda, ammo Rossiyaning o‘zi ham Ukraina urushini ruxsatsiz boshlagan edi.

— Husiylarga berilgan zarba Eronni konfliktga tortishi mumkinmi?

— Eron vositalar orqali allaqachon bu konfliktga qo‘shilgan. Eronning ittifoqchi davlatlari va tashkilotlari bor. Birinchi navbatda Iroq, u yerda parlamentning 60 foizidan ko‘pi shialardan iborat. Saddam Husayn yiqilgach, Iroq Eron ittifoqchisiga aylangandi. Ikkinchisi esa Suriya, necha yillik fuqarolik urushidan keyin ham Bashar Asad hokimiyatda, sunniylar hokimiyatga kelolmadi. Tashkilotlardan Livandagi «Hizbulloh» va Yamandagi husiylar. Husiylar 2014-2015 yillarda Yaman poytaxtini qo‘lga kiritayotganda Eron hamkor ekanini inkor etgan. Ammo bugungi kunda husiylarni qo‘llashi ma’lum. Yamanda 32 mln aholi bor, shulardan uchdan biri husiylar, ya’ni shia mazhabidagilar. 10 mlnlik husiylar tarafdori bu cheksiz partizanlik yoki fuqarolar urushi degani. Eron bu konfliktdan qaysidir ma’noda qo‘rqmaydi. Bugun dunyoda AQSh harbiy jihatdan charchagan degan tafakkur paydo bo‘lgan. Misol, Afg‘onistonda partizanlik urushida AQSh yutqazdi.

Shu fonda G‘arbga opponent bo‘lgan kuchlar dunyoda yangi urush o‘choqlarini yaratishga urinyapti, Eron ham shunday davlatlardan biri. G‘azo urushi boshlangandan beri Iroq va Suriyada shia guruhlari AQSh bazalariga zarbalar beryapti, AQSh esa javob bergani yo‘q. Umuman olganda, Eron urushdan qo‘rqmaydi, ammo katta urushni AQSh ham, Eron ham istamaydi.

— Husiylarning javobi Qizil dengizda odatdagidek kemalarga raketa uchirish bilan davom etadimi yoki taktika o‘zgaradimi?

— Husiylarda rostdan ham dronlar, raketalar bor, ya’ni urushga yaxshigina tayyorgarlik ko‘rgan, Eron yoki «Hizbulloh» tomonidan yordam bo‘lgan. Husiylarning liderlari biz mintaqani yoqib yuboramiz, deyapti. Kimki AQSh va Angliyaga havo hududlarini bersa, ular bizga dushman bo‘ladi va biz bunga javob beramiz, dedi. 2015-2016 yillarda Saudiyaning neft zavodlariga husiylar tomonidan kuchli zarbalar berilgan edi. Bu ishni Yamanda turib qilgan edi.

Menimcha, husiylarning asosiy maqsadi qandaydir provokatsiya qilish. Ularning lideri aytdiki, oxirgi 2-3 oyda sionistlar faqat Falastinga hujum qilayotganida biz chetda turganimizdan uyalayotgandik, endi bizga hujum qilishdi va biz ham endi urushdamiz, deyapti. AQSh bu operatsiya tugaganini aytdi, ammo husiylar bu konfliktni yana yangi darajaga olib chiqadi deb o‘ylayman.

— Qizil dengiz atrofidagi davlatlarning bu to‘qnashuvlarga munosabati faqat diplomatik tarzda bo‘ladimi?

— Bu konfliktning 3 ta qavati bor. Birinchisi — geosiyosiy: AQSh va G‘arbning an’anaviy ittifoqchilari bor, ya’ni Saudiya, Qatar, BAA davlatlari, bularga qarshi esa husiylar, HAMAS, Eron, Rossiya, Xitoy. Ikkinchi qavat — diniy: HAMAS sunniy tashkilot, u musulmonlar manfaati uchun kurashyapti va shia bo‘lgan husiylar qo‘llayapti, ya’ni mazhabiy emas, diniy qarash birlashtiryapti. Uchinchi qavat — mazhabiy: Husiylar kuchayishi, Yamanda ta’siri ortishi Saudiyani, sunniy musulmonlar bo‘lgan davlatlarni jiddiy bezovta qiladi. Endi mana shu 3 qavatni xam birlashtirsak, juda ham kuchli ziddiyat paydo bo‘ladi.

Saudiya 7 yildan beri husiylar bilan urishyapti. Bayden Saudiyani Yamanda fuqarolar urushi boshlaganlikda ayblab, sanksiyalar joriy qilgan edi. Ammo bugun AQShning o‘zi husiylarga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazdi. Hatto Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari Saudiyaga qurol-yarog‘ sotishni to‘xtatgan edi, ammo bu cheklovlar yaqinda olib tashlandi. Chunki husiylar va boshqa davlatlarning munosabatlari kristallashib boryapti. AQSh va kollektiv G‘arb biladiki, husiylar bu Eronning kuchli loyihasi, garchi to‘g‘ridan to‘g‘ri Eron tomonidan boshqarilmasa-da. Eronga quloq solgani bilan husiylarning o‘zida ham ba’zi qarashlar va manfaatlari bor, shu nuqtai nazardan Eronning ham ba’zi talablarini rad qila olishadi.

— Isroilning G‘azoga bosqini natijasida real harakat qilayotgan yagona tashkilot husiylar harakati bo‘lyapti. Shu borada ham qo‘shimcha qilsangiz.

G‘azodagi urush kengayishi boshlandimi yoki bunday bo‘lmaydimi?

— Ammo kesishmaydigan nuqtalar bor. Masalan, Qatarda islom birligi tafakkuri bor, ammo u ham husiylar harakatiga qarshi. Falastin nuqtai nazaridan qaralsa, husiylarning harakati ijobiy ko‘rinishi mumkin, lekin ularning mafkurasi, geosiyosiy qarashlari Saudiya, Turkiya, Qatar kabi davlatlar uchun salbiy. Husiylarning maqsadi Isroilning yaqin ittifoqchilariga zarba berish edi, bunga qisman erishdi ham. Ammo konflikt boshqa nuqtaga chiqdi, endi husiylar ham javoblarni, provokatsiyalarini boshlaydi. Blinken aytgan eskalatsiya reallashib boshladi, menimcha.

G‘azodagi vaziyat yechimini topgani yo‘q hali. Mantiqiy yechimidan juda ham uzoqda hali. JAR Isroilni sudga berganini ham hisobga olsak, Isroil har tomonlama bosim ostida qolyapti. Rasmiy Vashington ham tanqidiy munosabatlar bildirib turibdi. JAR hukumati Isroilga qarshi bergan hujjatlarida Isroil davlat siyosati genotsidni maqsad qilgan, degan xulosalar berilgan. Global reputatsiya, strategik, harbiy nuqtai nazarlardan ham Isroil murakkab vaziyatga tushib qoldi. Tarixda ham bunday holatlar bo‘lgan, ammo dunyo hamjamiyatining ma’lum bir qismi u tomonda bo‘lgan, lekin bugun dunyo hamjamiyatining aksariyati Isroilga qarshi. Bundan tashqari, bugungacha Isroil jinoyatlari Haaga sudida ko‘rilmagan edi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Top