16:44 / 23.11.2018
12943

O‘zbekistonda tez tibbiy yordam xizmati aviatsiya texnikasi bilan ta'minlanadi

Foto: Getty Images

2018 yilning o‘tgan 11 oyi davomida shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga aholidan 8 milliondan ko‘proq murojaat tushgan. Ularning 7 milliondan ko‘prog‘iga tez tibbiy yordam tizimi orqali tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Bir milliondan oshiq bemor esa respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarida statsionar va ambulator sharoitda davolandi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Keyingi yillarda davlat byudjyetidan soha uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va hududlarning ushbu texnikaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplandi, dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta'minlash 3 barobarga ko‘paydi. Ya'ni, bugungi kunda har bir chaqiriq uchun minimal xarajatlar 5000 so‘m miqdorida belgilandi. Bu ko‘rsatkich  2016 yilda 748 so‘mni,  2017 yilda 1627 so‘mni tashkil etardi.

Prezidentning 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning tezkorligi, sifat va samaradorligini yanada oshirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ilm-fan yangiliklarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq etishda muhim dasturilamal  bo‘lmoqda.

– Mazkur qarorda shoshilinch tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnika salohiyatini yanada yuksaltirish borasida ham talay vazifalar belgilangan edi, – deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Davron Sultonov. – Xususan, tez tibbiy yordam mashinalarining kamida 10 foizini maxsus reanimatsiya mashinalari tashkil etishi belgilangan edi. Bugungi kunga kelib tez tibbiy yordam xizmatining avtoparki ushbu mezon darajasiga ko‘tarildi. Ya'ni, tez tibbiy yordam mashinalarining 10 foizini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, xorijda ishlab chiqarilgan “Hyundai”, “Nissan” va “Toyota” rusumli reanimobillar tashkil etmoqda. Ushbu avtotransportlar shoshilinch vaziyatlarda tez va samarali tibbiy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Ayni paytda, prezidentning 2018 yil 16 oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tez tibbiy yordamning avtotransport parkini yanada zamonaviylashtirish, tez tibbiy yordam mashinalarini ratsiyalar bilan jihozlash, Call-markazlar faoliyatini rivojlantirish,  tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar va shifoxonagacha bo‘lgan bosqichda tibbiy yordamni takomillashtirish, kadrlar malakasini oshirish, diagnostika va davolash amaliyotiga yangi texnologiyalarni joriy etish ishlari davom etyapti. Shuning bilan bir qatorda, endilikda tez tibbiy yordam xizmatini aviatsiya texnikasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari ham ko‘rilmoqda.

Top